Termizning yangi qiyofasi — obodlik va bunyodkorlik timsoli
So‘nggi yillarda yurtimizning eng chekka hududlarigacha obodlik va bunyodkorlik ishlari keng quloch yoymoqda. Bu o‘zgarishlarni Surxondaryo viloyatining qadimiy va navqiron shahri Termiz misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin.
Bir necha yil avval asosan past qavatli binolar va ko‘kalamzor hududlari nisbatan kam bo‘lgan Termiz bugun zamonaviy qiyofa kasb etmoqda. Shaharda ko‘p qavatli turar joylar, zamonaviy savdo majmualari, obod ko‘chalar va go‘zal dam olish maskanlari tobora ko‘paymoqda.
Ayniqsa, markaziy ko‘chalarda barpo etilayotgan yashil hududlar, manzarali daraxtlar, gulzorlar va sayr yo‘laklari kishiga o‘zgacha zavq bag‘ishlaydi. Zamonaviy me’morchilik va tabiat uyg‘unligi shaharning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib, aholi uchun yanada qulay muhit yaratmoqda.
Bugun Termiz ko‘chalarida kezarkanmiz, shahrimizning o‘zgarib borayotgan qiyofasidan faxr tuyg‘usi uyg‘onadi. Bu manzaralar yurtimizdagi bunyodkorlik ishlari, xalqimizning obod va farovon hayotga bo‘lgan intilishining yorqin ifodasidir.